O‘zbekiston “50-in-5” loyihasiga qo‘shildi

Toshkent, 18-sentabr: “ICTWeek Uzbekistan 2024” “Raqamli hukumat: istiqbolli rejalar va to‘siqlar” forumida Raqamli texnologiyalar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi global “50-in-5” loyihasiga qo‘shilganini va raqamli davlat infratuzilmasi (Digital Public Infrastructure)ni xavfsiz, inklyuziv va o‘zaro hamkorlikda joriy etish tarafdori ekanini faxr bilan e’lon qildi.

Ushbu innovatsion loyiha Barqaror Rivojlanish Maqsadlarining muhim ko‘rsatkichi sifatida, raqamli davlat infratuzilmasi rivojlanishining asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi. Mazkur loyihada O‘zbekiston Bangladesh, Dominikan Respublikasi, Estoniya, Efiopiya, Gvatemala, Lesoto, Malavi, Moldova, Norvegiya, Senegal, Syerra-Leone, Singapur, Shri-Lanka, Togo kabi boshqa davlatlar qatoriga kiritildi.

Loyiha mamlakatlarda joriy etilgan texnologiyalar, jumladan, raqamli jamoat manfaatlari (Digital Public Goods) yo‘nalishida ilg‘or tajriba bilan almashish orqali raqamli davlat infratuzilmasini muvaffaqiyatli amalga oshirish yo‘llarini tubdan qisqartirishga yordam beradi, bu esa pirovardida xarajatlarni kamaytiradi va maksimal darajada yuqori natijalarga erishishga ko‘maklashadi.

Loyihaning maqsadi 2028-yil yakuniga qadar 50 ta davlat 5 yil ichida xavfsiz, inklyuziv va oʻzaro hamkorlikda kamida bitta raqamli davlat infratuzilmasi komponentini ishlab chiqish, joriy etish va kengaytirishdan iborat. Ishtirokchi davlatlar ushbu maqsad sari birgalikda harakat qilish majburiyatini taʼkidladi.

“50-in-5” loyihasi Bill va Melinda Geyts jamg‘armasi, Raqamli jamoat infratuzilmasi markazi, “Co-Develop” tashkiloti, Raqamli jamoat manfaatlari alyansi (Digital Public Goods Alliance) va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlikda olib borilayotgan targ‘ibot loyihasi bo‘lib, “GovStack” tashkiloti, Amerikalararo taraqqiyot banki, “UNICEF”, “USAID” va “BMT Ayollar” tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

Iqtisodiyotimiz barqarorligi, har bir sohaning sifati va samaradorligi, aholiga qulayliklar yaratish axborot texnologiyalari bilan bog‘liq. – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston uchun “50-in-5” loyihasiga qo‘shilish raqamli hamkorlik yo‘lida rivojlanishni anglatadi. Davlatlar tajribasini o‘rganish, mamlakatimiz tajribasini boshqa davlatlarga taqdim etishga qaratilgan harakatlar milliy raqamli davlat infratuzilmani rivojlantirishga yordam beradi. Mazkur loyiha orqali innovatsion va inklyuziv yondashuv, bilim va texnologiyalar qo‘llab-quvvatlaniladi.

Raqamli davlat infratuzilmasi bu raqamli toʻlov tizimlari, identifikator va maʼlumotlar almashish tizimlari bo‘lib, ularning xavfsiz va oʻzaro ishlashi mamlakatlarning iqtisodiyoti va odamlar farovonligini yaxshilash uchun zarurdir. Bu fuqarolarga raqamli xizmat ko‘rsatishning poydevoridir. Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligi, moliyaviy inklyuzivlik, ijtimoiy himoya va butun aholi uchun ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish kabi sohalarni yaxshilanishni ta’minlashda raqamli davlat infratuzilmasi muhim ahamiyatga ega.  

“50-in-5” loyihasining ishtirokchilari turli geografik joylashuv va daromad darajalariga ega bo‘lishiga qaramay, ularni yagona maqsad birlashtiradi — raqamli davlat infratuzilmasini yaratish yo‘lida ilg‘or tajribalar orttirish. Ushbu mamlakatlar bilim va texnologiyalar almashish, raqamli hamkorlikning yangi usullarini sinovdan o‘tkazish borasida birlashadilar.

Yaratilgan vaqt: 23.09.2024
Ko‘rishlar soni: 48